Khorezm Mamun academy

MIKROBIOLOGIYA INSTITUTI, POLIMERLAR KIMYOSI VA FIZIKASI INSTITUTI OLIMLARI SEMINARI

30-06-2017     News

2017 yil 27 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida Mikrobiologiya instituti, polimerlar kimyosi va Fizikasi instituti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy seminar o’tkazildi.

Seminarda Z.R.Axmedova - Mikrobiologiya instituti, Mikroorganizmlar fermentlari laboratoriyasi mudiri, I.G. Masharipov - O’zbekiston Qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi Xorazm viloyati bo’limi rahbari, X.E.Yunusov, N.M.Mamedov – Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti ilmiy xodimlari. O’zbekiston Qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi Xorazm viloyati bo’limi, Urganch davlat universiteti ilmiy xodimlari, professor-o’qituvchilari ishtirok etdilar.

Mikrobiologiya instituti, Mikroorganizmlar fermentlari laboratoriyasi mudiri b.f.d. prof. Z.R.Axmedova o’z taqdimotida respublikamizning o’ziga xos tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekologik xavfsiz biopreparatlarni qo’llash orqali organik dehqonchilik qilishni va yetishtirilgan mahsulotni bir tomondan iqtisodiy samaradorligini, ikkinchi tomondan esa oziq-ovqat xavfsizligi me’yorlariga to’g’ri kelishini ta’kidlab o’tdi. Seminar davomida institut olimlari tomonidan yaratilgan biologik preparatlarning bug’doy va g’o’za dalalarida qo’llanilganligi va hosildorlikka sezilarli darajada ta’sir qilishi ta’kidlandi.

Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi b.f.d. X.E.Yunusov taqdimotida dori vositalariga qo’yiladigan talablar, ularning inson organizmiga ta’siri to’g’risida gapirildi. Institut olimlari tomonidan yaratilgan dori vositalarining chetdan kirib kelayotgan analoglaridan arzonligi, bemorlarda sinab ko’rilganda samarasi yuqoriligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda institut olimlari kumush va uning birikmalari asosida kumush nanozarralarini olish usulini qo’llab bakteritsid xususiyatga ega paypoq ishlab chiqarish yo’lga qo’yilayotgani aytib o’tildi.

Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti kichik ilmiy xodimi N.M.Mamedov o’z taqdimoti orqali nanostrukturali tabiiy polimerlarni qishloq ho’jaligida qo’llash orqali kasalliklardan keladigan zararning hosildorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish mumkinligini ta’kidlab o’tdi. Bundan tashqari N.M.Mamedov institutda yaratilgan “Polidef” defoliantning muhim xususiyatlariga to’xtaldi.

Seminarda O’zR FA Mikrobiologiya instituti va Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan bajarilayotgan ilmiy loyihalarning dolzarbligini hisobga olgan holda, kelgusida Xorazm Ma’mun akademiyasi hamda Mikrobiologiya instituti va Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari o’rtasida doimiy aloqani yo’lga qo’yish, buning uchun hamkorlikda amaliy va fundamental ilmiy loyihalarni bajarish choralari ko’rish, Mikrobiologiya instituti hamda Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bazasida Xorazm Ma’mun akademiyasining yosh olim va  tadqiqotchilarining malakasini oshirish, maqsadli ravishda qisqa muddatli o’qishlarini tashkil qilish tavsiya qilindi.