Хорезмская академия Маъмуна

“MOZIY SIRLARINI IZLAB” MONOGRAFIYASI NASHR ETILDI

15-07-2024     Новости

Xorazm Ma'mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Bekmuhammad va tarix fanlari doktori, dosent Sadoqat Matkarimovalarning “Moziy sirlarini izlab” nomli monografiyasi Buxorodagi “Durdona” nashriyotida chop qilindi. Ushbu monografiyada mualliflar XIX asr oxirlaridan XXI asrning birinchi choragigacha bo‘lgan davrda Xorazmda o‘tkazilgan ilmiy ekspeditsiyalar va Xorazmlik olimlarning dunyo davlatlariga qilgan ilmiy safarlari tafsilotiga batafsil to‘xtalishgan va ular yaratgan asarlarni tahlil qilishgan.
Monografiyada asosan tarix, etnografiya va arxeologiya bo‘yicha Xorazmga ekspeditsiya uyushtirgan tadqiqotchilar tomonidan yozilgan hisobotlar, safarnomalar va asarlaridagi ma'lumotlar boshqa manbalarga taqqoslangan, davr bilan bog‘langan holda tahlil etiladi.
Ma'lumki, Xorazm, ayniqsa O‘zbekiston, O‘rta Osiyo tarixiga oid jarayonlarni o‘rganish, tadqiq qilish maqsadida qadimiy vohada ekspeditsiyalar o‘tkazgan A.L.Kun, A.Samoylovich, A.Yakubovskiy, S.P.Tolstov, G.P.Snesaryov, Ya.G‘ulomov, R.Nabiev va boshqa olimlar haqiqiy ilmu fan fidoyilari bo‘lishgan va shu tufayli ham ularning yaratgan asarlarisiz Xorazm tarixini tasavvur qilish, o‘rganish qiyin.
Monografiyada yana istiqlol yillarida Xorazmlik tarixchi olimlarning Qozog‘iston, Rossiya,Turkiya, Mo‘g‘ulistonga qilgan ilmiy ekspeditsiyalari bilan bog‘liq jarayonlar, yaratgan asarlari, o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyalar, hamkorlik natijalari ham yoritib berilgan.