Ayni kunlarda Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari tomonidan Xorazm viloyati hududida yangi arxeologik yodgorliklarni izlab topish, ularni ilmiy jihatdan o’rganish va tarixiy-madaniy meros sifatida hujjatlashtirishga qaratilgan navbatdagi arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tadqiqotlar davomida Xorazm viloyatining Tuproq-qal’a tumani hududida ko’chmanchi qabilalar madaniyatiga mansub bo’lgan so’nggi antik davr va ilk o’rta asrlar mozor-qo’rg’onlari aniqlandi. Mazkur yodgorliklardan ushbu davrlarga xos sopol buyumlar hamda inson suyaklari qoldiqlarining aniqlanishi ob’ektlarning xronologiyasi va madaniy xususiyatlarini belgilashda muhim manba bo’lib xizmat qiladi. Mazkur mozor-qo’rg’on topilmalari Sirdaryo havzasida aniqlangan shu davrga oid ko’chmanchilar madaniyati bilan aloqadorligini ko’rsatadi.
SHuningdek, Ko’shko’pir tumanining Amirqum cho’lida o’rta asrlarga oid qishloq manzilgohlarining qoldiqlari aniqlandi. Bu yerda paxsadan barpo etilgan turar-joy inshootlarining xarobalari va turli arxeologik materiallar qayd etildi. Topilgan sopol buyumlarning asosiy qismi XIII–XIV asrlarga mansub bo’lib, ular mazkur hududda o’rta asrlarda dehqonchilik qishloq manzilgohlari mavjud bo’lganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, ushbu manzilgohlarning Amudaryoning qadimgi Davdon irmog’i o’zani bo’ylab joylashgani diqqatga sazovordir. Bu holat o’rta asrlarda mazkur hududda sug’orish tizimlari asosida dehqonchilik keng rivojlangani, qishloq manzilgohlari esa daryo tarmoqlari bo’ylab shakllanganini ko’rsatadi.
Aniqlangan yangi arxeologik ob’ektlar Xorazm vohasining qadimgi va o’rta asrlar tarixini, aholining o’troq va ko’chmanchi madaniyatlari o’rtasidagi o’zaro aloqalarni, shuningdek, hududdagi qadimgi tabiiy-geografik muhit va xo’jalik taraqqiyoti jarayonlarini yanada chuqurroq o’rganish uchun muhim ilmiy manba bo’lib xizmat qiladi.
Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlarining bu kabi izlanishlari vohaning hali to’liq o’rganilmagan hududlarida yangi yodgorliklarni aniqlash, ularni ilmiy muomalaga kiritish hamda Xorazmning boy arxeologik merosini asrab-avaylashga qaratilgan tadqiqotlarni izchil davom ettirish imkonini bermoqda.

Amirqum-1 qishloq manzilgohi. Paxsa turar-joy qoldig’i.

Tuproq-qal’a tumani hududida aniqlangan mozor-qo’rg’on (№1) topilmalari

Mozor-qo’rg’on №1 (Tuproq-qal’a tumani)

Mozor-qo’rg’on №2 (Tuproq-qal’a tumani)