Khorezm Mamun academy

“QADIMIY XORAZM PAXSADEVOR ME’MORIY YODGORLIKLARI” NOMLI MONOGRAFIYASI NASHR QILINDI

02-10-2025     News

Barchamizga ma’lumki, Xorazm qadimdan davlatchilik, fan va madaniyat, sivilizatsiya markazlaridan biri boʻlganligini, aynan vohada qadimdan paxsadevor bino va inshootlari shaharsozlik madaniyatini shakllantirishda muhim rol oʻynagan. Hozirgi eng zamonaviy qurilish va meʼmorchilikning nazariy va amaliy poydevori shu davrda quyilgan. Ulardan shu davrgacha vohada saqlanib qolganlari 100dan ortiqdir.

Manbalar tahlili va tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, qurilganidan boshlab vaqt oʻtishi bilan paxsadevor binolarga boʻladigan tashqi atmosfera taʼsirlari  kamaymaydi. Shu bois ushbu yodgorliklar yildan-yilga yo’qolib borayotganini ko’rmoqdamiz. Bugungi kunda gilxomashyoli meʼmoriy obidalarga nafaqat tabiiy taʼsirlar (zilzilalar, suv toshqinlari, termitlar taʼsiri,  kuchli shamollar, iqlim oʻzgarishi - qattiq sovuq va issiq havo oqimlari, qorishmalarning muzlab-erishi) bilan birgalikda insonlarning faoliyatidan kelib chiqadigan salbiy taʼsirlar (texnogen taʼsir, grunt suvlarining sathi, transport taʼsiridagi tebranishlar, foydalanish sharoitlarining buzilishi,  va h.k.) mavjud. 

Paxsadevor yodgorliklardan turizm sohasini rivojlantirishda samarali foydalanish ham mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, keladigan sayyoh aynan ushbu yodgorliklarning 3000ming yillik devorlarini asl holida ko’rishni xohlaydi.

Xorazm viloyati hududida joylashgan gilxomashyodan tiklangan meʼmoriy yodgorliklar atrof–muhit va insonlar faoliyatining salbiy ta’siri natijasida emirilib, yo’qolib borayotganligi bois ularni tarixini oʻrganish, texnik holatini baholash, saqlash va taʼmirlash ishlarida maʼlumotlar bazasini shakllantirish davr talabidir. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Xorazm Maʼmun akademiyasining “Janubiy Orolboʻyi tarixiy meʼmoriy yodgorliklarining qurilish mareriallarini sinash va taʼmirlash” lobaratoriyasi rahbari arxitektura fanlari doktori, professor Gavhar Durdieva va tadqiqotchi Islom Rustamovlar hammuallifligida “Qadimiy Xorazm paxsadevor me’moriy  yodgorliklari” mavzusidagi juda katta ahamiyatga ega bo’lgan monografiya “Durdona” nashriyotida  nashdan chiqdi.