Xorazm Ma’mun akademiyasi laboratoriya mudiri, texnika fanlari doktori, professor Gavharjon Durdiyeva va akademiya katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Bekmuhammadlar hammuallifligida yangi risola nashr etildi. Buxoro shahridagi “Durdona” nashriyotida chop etilgan kitob “Pahlavon Mahmud: hayoti, faoliyati, ijodi va majmuasi” deya nomlanadi.
Ushbu risolada Pahlavon Mahmudning hayoti, faoliyati va ijodi tarixiy qo‘lyozma manbalar, ilmiy va badiiy adabiyotdagi faktlar, fikrlar asosida tahlil etilgan. Shuningdek, Pahlavon Mahmud dafn etilgan hududda barpo etilgan maqbarasi, majmuasining tarixiy va me’moriy ahamiyati, undagi naqshlar ham tadqiq qilinadi. Shu bilan birga Pahlavon Mahmud siymosini yaratgan Xorazmlik rassomlar, ularning ishlagan tasviriy san’at asarlari ham yoritib berilgan. Bundan tashqari risolaga Pahlavon Mahmud ijodiga oid ruboyilar ham ilova qilingan.