Xorazm Ma’mun akademiyasi Yosh olimlar kengashi (XMA YOK) 2010-yil yanvarda O’zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov 2010-yilni “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilishi munosabati bilan, O’zR FA YOK tavsiyasiga binoan Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi buyrug’i bilan tashkil etilgan. “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Fanlar akademiyasi hamkorligida 2006-yil 22-iyunda “Fan va ta’lim integratsiyasi to’g’risida”gi qo’shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida XMA YOK tashkil etilgan.
XMA YOKning asosiy vazifalari iqtidorli yoshlar bilan ishlash, ya’ni ularni izlash, ko’mak berish, rag’batlantirishni yanada kuchaytirish, turli tanlovlar o’tkazish, Yosh olimlar va iqtidorli mutaxassislarni turli dasturlar doirasidagi xalqaro loyihalarda ishtirokini kengaytirish, akademiya ilmiy va ilmiy-texnik salohiyatidan keng foydalanib ma’ruzalar, laboratoriya mashg’ulotlari va malakaviy amaliyot o’tish, ushbu jarayonda olim va mutaxassislarni jalb qilish, oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda mavjud ilmiy yo’nalish maktablarini mustahkamlash, yangilarini yaratish hamda ilmiy izlanishlar natijalarini tezkor ravishda o’quv jarayoniga tatbiq qilish mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
XMA YOKning 42 nafar a’zosi bor. Ular 40 yoshgacha bo’lgan fan doktorlari (DSc), falsafa doktorlari (PhD) va tayanch doktorant, katta va kichik ilmiy xodimlardan iborat. XMA YOK raisi biologiya fanlari falsafa doktori, etakchi ilmiy xodim Xamraev Nurbek Ulug’bekovich hamda XMA YOK rais o’rinbosarlari s.f.f.d (PhD) M.S.Abdullaev, f-m.f.d (DSc) U.I.Boltayeva, b.f.f.d (PhD) R.R.Madaminovlar Xorazm Ma’mun akademiyasi Ilmiy kengashiga a’zo sifatida kiritilgan.
XMA YOK qoshida doimiy seminar tashkil etilgan. Seminarda doktorlik dissertatsiyalari muhokamalari, yangi loyiha va ilmiy maqolalarning prezentatsiyalari, takliflar va mulohazalar tinglanadi. Shuningdek, har yili Xorazm Ma’mun akademiyasi Ilmiy kengashida XMA YOK hisoboti tinglanadi va yillik tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
XMA YOK a’zolaridan J.S.Doschanov va Z.M.Kushmetovlar PhD dissertatsiyasini himoya qilish arafasida.
XMA YOK yosh olimlarni fundamental va amaliy loyihalarga keng jalb qilish choralarini ko’rmoqda. Jumladan, bajarilishi 2018-2020-yillarga mo’ljallangan amaliy loyihalarda yosh olimlarning ulushi 40 % ni tashkil qiladi.