Khorezm Mamun academy

Xorazm Ma'mun akademiyasi bir guruh olimlari Xitoy Xalq Respublikasida ilmiy safarda bo'lishdi.

10-06-2026     News

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari – professor I.I. Abdullayev, k.f.f.d. (PhD) M.A. Ashirov va b.f.f.d. (PhD) A.I. Iskandarovlar 2026-yil 1–9-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya institutiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida olimlar “Cistanche deserticola” o‘simligini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikdagi loyiha doirasida ilmiy tajriba almashish, laboratoriya va dala tadqiqotlari bilan tanishish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

 

Tashrif doirasida Xitoy va O‘zbekiston olimlari Shinjon hududidagi Ganjiahu Haloxylon ammodendron milliy qo‘riqxonasida dala tadqiqotlarini olib bordilar. Tadqiqotlar davomida cho‘llanishga qarshi kurash, saksovulzorlarni tiklash hamda Cistanche deserticola o‘simligini ko‘paytirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Mutaxassislar yovvoyi cho‘l o‘simliklari va Cistanche deserticola populyatsiyalarining holatini baholab, qurg‘oqchil hududlarda ekotizimlarni tiklash texnologiyalari yuzasidan fikr almashdilar. Yakunda tomonlar ekologik tadqiqotlar, cho‘l o‘simliklarini tiklash, o‘simliklarning genetik resurslarini saqlash va ilmiy ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

https://tnews.xjmty.com/app/slyapp/sh/202606/t20260605_34784639.html?cid=34784639&sid=149&ctype=article&uid=N8QvdhYh8

 

Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiya institutida o‘tkazilgan 58-sonli “Fan va texnologiyalar almashinuvi” ilmiy seminarida Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi, biologiya fanlari doktori, professor I.I. Abdullaev «Anacanthotermes urug‘iga mansub termitlar va ularga qarshi kurash strategiyalari» mavzusida ma’ruza qildi. Tadbirda termitlarning biologik xususiyatlari, ular keltiradigan ekologik va iqtisodiy zararlar hamda ularga qarshi zamonaviy va ekologik xavfsiz kurash usullari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy olimlari o‘rtasida bioxavfsizlik, qishloq xo‘jaligi ekologiyasi va zararkunandalarga qarshi kurash yo‘nalishlarida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

https://egi.cas.cn/xwdt/kxcb_163370/202606/t20260608_8216777.html