Xorazm Ma’mun akademiyasiga xitoylik professor, kristallograf va noorganik kimyogar Ruimin Wang tashrif buyurdi.
Tashrif davomida muloqotchi olim Akademiyaning Fizik-kimyoviy tahlil laboratoriyasi faoliyati, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy tahlil uskunalarining imkoniyatlari va yosh tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida professor Ruimin Wang hamda Sh.B. Hasanov rahbarligidagi Xorazm Ma’mun akademiyasi kimyogar olimlari o‘rtasida amaliy uchrashuv o‘tkazilib, koordinatsion birikmalar kimyosi va ularning strukturaviy tadqiqotlari bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, yangi sintez qilingan koordinatsion birikmalarning kristall va molekulyar tuzilishini zamonaviy rentgen-strukturaviy usullar yordamida tadqiq etish, olingan ilmiy natijalarni birgalikda tahlil qilish va tajriba almashish, tadqiqot natijalari asosida qo‘shma ilmiy ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida professor Ruimin Wang va Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari koordinatsion birikmalarning strukturaviy tahlili yo‘nalishida o‘zaro manfaatli ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida qo‘shma tadqiqotlarni olib borish bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur hamkorlik Xorazm Ma’mun akademiyasida koordinatsion kimyo va kristallografiya sohasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, zamonaviy tahlil usullarini amaliyotga keng tatbiq etish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
.jpg)
.jpg)
.jpg)
