Joriy yilning 7-10-iyul kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida yirik xalqaro ilmiy tadbir — “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” I xalqaro Islom forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: g‘oyalar, kashfiyotlar va sivilizatsiyalar tutashgan zamin” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda nufuzli mahalliy va xorijiy olimlar qatorida Xorazm Ma’mun akademiyasi tadqiqotchilari ham faol ishtirok etishdi.
Anjumanning dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan 4 ta sho‘basi o‘z ishini olib bordi. Xususan, akademiya Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari falsafa doktori (PhD) D. Rajabova hamda bo‘lim kichik ilmiy xodimi M. Abdullayevalar ushbu nufuzli platformada akademiyaning ilmiy salohiyatini namoyon etdilar.
Xususan, 2-sho‘ba — “Markaziy Osiyodan tarqalgan ilm: allomalar, maktablar va kashfiyotlar” yo‘nalishida t.f.f.d. (PhD) D. Rajabova o‘zining “Xorazm Ma’mun akademiyasining tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Ma’ruzada Xorazm Ma’mun akademiyasining nafaqat mintaqa, balki jahon fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, uning bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik an’analari bugungi kun prizmasida chuqur tahlil etildi va ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

