Khorezm Mamun academy

JADID NAMOYANDALARI HAQIDA MONOGRAFIYA NASHR ETILDI

19-07-2024     News

Xorazm Ma'mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Bekmuhammad va filologiya fanlari nomzodi, dosent Sayyora Samandar hammuallifligida Urganch shahridagi “Milleniumus print” nashriyotida “Xorazm jadid namoyandalari: hayoti, faoliyati va adabiy merosi” nomli monografiya nashr etildi.
Monografiyada Xorazmdagi jadidchilik harakati, uning o‘ziga xos xususiyatlari va Turkiston, Buxorodagi jadidchilik harakatidan farqli jihatlari “Tarjimon” gazetasidagi vohaga oid maqolalar, arxiv hujjatlari, o‘sha davrga oid Polvonniyozhoji Yusupov, Bobooxun Salimovlarning memuarlari asosida tahlil qilinadi. Shuningdek, Islomxo‘ja, Husayinbek Matmurodov, Polvonniyozhoji Yusupov, Bobooxun Salimov, Xudoybergan Devonov, Otamaxzumoxun Muhammadrahimov, Nazir Sholikorov, Bekjon Rahmon singari Xorazm jadid namoyandalarining hayoti, faoliyati o‘sha davrda kechgan jarayonlar asosida tadqiq etilgan.
Bundan tashqari monografiyada Avaz O‘tar, Noziriy, Bobooxun Salimov singari Xorazmlik jadid shoirlar, Muhammadsharif So‘fizoda, Hamza Hakimzoda singari vohadagi jadid maktablarida faoliyat ko‘rsatgan ijodkorlarning adabiy merosi ham asarlaridagi jadidchilik g‘oyalari asosida tahlil etilib, ijodlaridan namunalar berilgan.
Shuningdek, monografiyada Bobooxun Salimovning Xorazm respublikasida adliya noziri, bir qator davlatlardagi elchilik faoliyati arxiv hujjatlari, sulolaga oid kundaliklar asosida tadqiq etilgan.
Monografiya nafaqat oliy o‘quv yurtlarining bakalavr va magistrlari, doktorant va tadqiqotchilar uchun, balki tarix va adabiyotga qiziquvchi keng ommaga ham mo‘ljallangan.